Notiqlik sanʼatining shakl va usullari nimalardan iborat?

Notiqlik sanʼati – til normalarini egallamoq, yaʼni talaffuz, urg‘u berish, so‘z ishlatish, gap tuzish qonunlarini yaxshi bilmoq, shuningdek, tilning tasviriy vositalaridan har xil sharoitlarga mos va maqsadga muvofiq foydalana olish, ifodali o‘qish madaniyatini egallash demakdir.
Har bir shaxsning nutqi o‘eiga xosligi bilan ajralib turadi.Jonli so‘zning beqiyos qudratidan bahramand bo‘lish o‘zbek xalqining xislatlaridan biridir. Notiqlik – chiroyli va taʼsirchan nutq so‘zlash ilmi, badiiy yetuk so‘zlangan nutq sanʼatidir.
Notiqlik nutqi daliliy materiallarga boy bo‘lib, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. O‘z fikrini isbotlash, yaʼni keltirilgan dalillarning to‘g‘riligini ko‘rsatib berish.
2. Tinglovchilarga estetik zavq bag‘ishlash.
3. Tinglovchilarning ongiga, qalbiga, kayfiyatiga taʼsir etish, kishilarni faollikka undash.
Zero, hozirgi vaqtda esa bu soha kishilariga talab kattadir. Notiq oldida o‘z nutqining sifatini yaxshilash va takomillashtirish vazifasi turadi. Nutqning muvafaqqiyatli chiqishida, nutqning shakliy tomoni ham katta ahamiyatga ega. Nutqning taʼsirchan bo‘lishi uchun aniq va ravshan talaffuz, to‘g‘ri, o‘z o‘rnida qo‘yilgan to‘xtamlar bo‘lishi shart.
Shuningdek, nutq surʼati, ovoz kuchi, nafas, tinglovchilar bilan izchil aloqa bog‘lay olish, qo‘l harakati va shu kabi noverbal va verbal vositalarga ham alohida ahamiyat berish talab qilinadi. Til boyligidan mohirlik bilan foydalanish, matn mazmuniga moslab qo‘llash, ularni asosiy maqsad va vazifalarga bo‘ysundira olishning o‘zi nutq madaniyatidir.
Notiqlik o‘zida mantiqiylik, taʼsirchanlik, obrazlilik, hissiylik va shu orqali ishontiruvchanlik kabi xususiyatlarni mujassamlashtiradi.





