BUYUK AJDODLARIMIZNING UMUMBASHARIY SIVILIZATSIYA RIVOJIGA KO‘SHGAN BENAZIR XISSASI
3-JILD
Ajdodlarimizni xotirlash xalqimizga xos azaliy fazilatdir. Buyuk tariximiz, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizga bag‘ishlangan. Ushbu to‘plamda dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz haqida bilib olasiz.
To‘plamni tayyorlashda turli ilmiy manbalar, axborot resurslari, Internetdagi materiallardan foydalanilgan.
Nashr O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining “Maʼnaviy – axloqiy va madaniy tarbiya: anʼanaviy g‘oyalarning yangi bosqichi” nomli davlat ijtimoiy buyurtmasi mablag‘lari hisobidan tayyorlangan.
Kitobning qisqacha mazmuni haqida...
Yangi O‘zbekistonda ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda ilmiy izlanishlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.
Zero, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Vatanimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazi, maʼrifat o‘chog‘i bo‘lib dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Yurtimizda voyaga yetgan ulug‘ allomalar o‘zlarining bebaho asarlari, ibratli faoliyati bilan ikki buyuk Uyg‘onishga zamin yaratdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish bo‘yicha ikkinchi butunjahon konferensiyasi ochilish marosimidagi nutqida bu haqda to‘xtalib, jumladan, shunday degan edi: “Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qo‘ygan Al-Beruniy, dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming o‘n sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek, Nil daryosining sathini o‘lchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz o‘zlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan O‘rta asrlardagi birinchi va ikkinchi Sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar”.
Tarixiy maʼlumotlar jahondagi eng qadimiy ilmiy maskanlar ham aynan ona diyorimizda paydo bo‘lganini tasdiqlamoqda. Bu haqda so‘z yuritilganda, Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin, Xivada 64 ta o‘z davrining universitetlari hisoblangan madrasalar faoliyat ko‘rsatganini keltirish kifoya. Birgina Mirzo Ulug‘bek tomonidan tashkil qilingan madrasa butun dunyodan kelgan ilmu tolib va olimlarni bir joyga yig‘ib, o‘z davrining jahonshumul yangiliklarini yaratishda bamisoli akademiya vazifasini o‘tagan.





