Necha kunki yo`q oromim
Kelolmayman hushimga.
Onajonim kechalari
Kirib chiqar tushimga.
Qo`llarida oq elpig`ich
Oy nurida yaltirar.
Onajonim imlab meni
Qoshlariga chaqirar.
Keltirarlar goho beshik
Ko`zlarida hayajon.
Yotar payting bo`ldi-ku der,
Kela qol, der, bolajon.
Qaylargadir yuguraman,
Fig`onimdan chiqar dud.
Yig`lama, deb qo`llarimga
Tutqazarlar so`ng tobut.
Tongda ruhsiz ko`z ochaman,
Qovurilar tanda jon.
Onajonim, bunday qilma,
Bunday qilma, onajon.
Axir o`zing der eding-ku,
Silab o`ksuk boshimni:
– Endi senga bersin umr,
Senga bersin yoshimni.
Afsus, o`zing erta ketding,
Erta ketding olamdan.
Ukalarim bag`rim ezar,
Ajradik deb onamdan.
Bevaqt xazon bo`lmay har kim
Yoshab o`tsin dunyoda.
Onajonim, har kim oshin
Oshab o`tsin dunyoda.
Garchi fano har kimsaga
Azaliy bir qismatdir.
Lekin, ona, tiriklik ham
Bilsang, yarim hikmatdir.
Tushlarimda, mayli, boshim
Silab turgin, onajon.
Qolganlarga endi umr
Tilab turgin, onajon.





