«Chol va dengiz» – insonning yengilmas irodasi haqida asar

«Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi»ushbu mashhur jumla ko‘pchilikka tanish. Ernest Hemingueyning «Chol va dengiz» asaridan olingan parcha asarning butun bir ma’no va g‘oyasini qamrab oladi. Odamni yanchib tashlash deganda jismi nazarda tutilgan. Uni bir lahzada yanchish, tilka-pora qilish mumkin, ammo ruhini, irodasini yengish oson emas, deyarli imkonsiz. Chunki inson zoti yengilishni qabul qilolmaydi. Harakatdan, yengish sari odimlashdan to‘xtamaydi? To‘xtolmaydi. 

Yozuvchi «Chol va dengiz» asarini 51 yoshida 2 oy davomida yozgan. Demak, u bu paytda qirchillama yoshlik davridan o‘tib, keksalik bilan yuzlashayotgan bo‘ladi. Ko‘ngil to‘la orzu-umidlar saragi sarakka, puchagi puchakka ajralayotgan palla adib bor mahoratini ishga solgan holda o‘ziga ikki oy davomida «dalda» yaratadi. Asar voqea va qahramonlari judayam oddiy. Ammo shu bilan birga hayotning azaliy haqiqatlarini o‘zida jamlagan. Insonga o‘zgacha ruh, olg‘a borishga chorlovchi, imkon beruvchi durdona qissa.